Congue iure curabitur incididunt consequat

2020-yil 1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

2020-yilning 1-yanvaridan O‘zbekiston Respublikasining qonun va qonunosti hujjatlari bilan kundalik hayotimizdagi tartib-qoidalardan ba’zilarida o‘zgarishlar bo‘ladi. Xususan, endi mahalliy hokimiyat organlarining shaharsozlikda qurilish va buzilish ishlari yuzasidan kelib chiqadigan muammolarni hal qilish vakolati va mahalliy aholi bilan maslahatlashuvsiz qaror chiqarish huquqi tugatiladi.

Shu va shu kabi o‘zgarishlar bilan quyida batafsil tanishasiz.

1. Notijorat maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish punktlari orqali qo‘l yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovini to‘lashni nazarda tutuvchi bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi;

2.  Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta jo‘natmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish o‘rovining majburiy mavjudligi to‘g‘risidagi talab o‘rnatiladi.

3.  Xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etiladi. U ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma’lumotlar asosida YaMMTda avtomatik tarzda shakllantiriladi. Tegishincha, xodimning mehnat staji, shu jumladan pensiya tayinlashda 1-yanvardan keyin YaMMTda mavjud ma’lumotlar asosida hisoblanadi.

4.  29 ta idoralararo komissiya va kengashlar, jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l xo‘jaligi kengashi, bojxona tartib-taomillari va eksport-import operasiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh va boshqalar tugatiladi.

5.  Import qilinayotgan har qanday mahsulot turi yorlig‘ida mahsulot haqidagi ma’lumot davlat tilida ko‘rsatilishi shart. Aks holda bu mahsulot mavjud standart va me’yorlarga muvofiq sanalmaydi.

6.  Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari “O‘zsuvta’minot” AJga o‘tkaziladi.

7. QQSni to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu QQS summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi.

8.  Toshkent shahri ko‘chalarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshira boshlaydi.

9. Shuningdek, neft bitumining yo‘llarga mo‘ljallangan markalarini sotish sohasida foaliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

10.  Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish; jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish vakolatlari tuman va shaharlar hokimlaridan olinib, tegishli Xalq deputatlari kengashlariga beriladi. 

11.  Tajriba-sinov tariqasida Respublikada 10ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi. 

12.  Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga lisyenziya berish Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga o‘tkaziladi.

13.  Qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizasiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida videoyozuvlarni saqlash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. 

14.  Qora metallar prokatini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan induksion pechlar va kameralarga nisbatan olib kiriladigan texnologik jihozlar bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan bojxona to‘lovlari imtiyozlarining amal qilishi bekor qilinadi.

15.  Hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati Xalq deputatlari kengashlariga beriladi.

16.  Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari va “Ustoz-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeyi va ustaxonalar qurish uchun beriladigan kreditlar Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda 18 oy muddatga, bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmagan miqdorda beriladi.

17.  Nodavlat ta’lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish vakolati mahalliy hokimliklardan tuman (shahar) xalq ta’limi boshqarmalariga o‘tkaziladi.

18. Qishloq xo‘jaligi korxonalariga boshoqli don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan kreditlar hisobidan uyushmalarga suv xo‘jaligi xizmati xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘ jami kreditlarning 1 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditlarda esa 2 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi tavsiya etiladi.

19.  Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilandi. 

20.  Hokimliklardan bozor faoliyatini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatlari olib qo‘yiladi.

21.  Yadro fizikasi instituti xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirila boshlaydi.

22.  Davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.

23.  Turar joyni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsatnoma berish vakolati hokimliklardan tumanlar (shaharlar) qurilish bo‘limlariga o‘tkaziladi.

24.  Yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi Toshkent shahrida “Toshshahartransxizmat” AJ va “Toshkent metropoliteni” UKning ayrim yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.

25.  Tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish talabi bekor qilinadi.

26.  Meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlaridan to‘lov undirish talabi ham bekor qilinadi.

27.  Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini berish va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi berish vakolati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga o‘tkaziladi.

28.  O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi sport maktablarining direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, trener, instruktor-metodistlari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining trener, instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.

29.  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkaza boshlaydi.

30.  Tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi. (Ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno).

31.  “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish man etiladi.

32.  Hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi bekor qilinadi.

33.  “Uzbekistan Airways” AJning xorijdagi vakolatxonalarining barcha tushumlari (ekspluatatsiya xarajatlari va vakolatxonalarni saqlash xarajatlaridan tashqari) majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisobraqamlarga tushadi.

34.  Respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.

35.  Faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.


36.  Tayyorlov kurslari (tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari)ni tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjati mavjud bo‘lgan fuqarolar orasidan tutingan ota-onalar tanlanadi. Tutingan ota-onalarning Tayyorlov kurslarida o‘qishi bepul tashkil etiladi.


37.  O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini:

direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga;

to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi.

38.  Ipoteka kreditlari bir yildan iborat (2020-yil 1-yanvargacha ikki yillik) imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga beriladi.

39.  Jismoniy shaxslarga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish uchun kreditlar 20 yil muddatga, 1 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida beriladi.

40.  Hisobot davri natijalari bo‘yicha yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023-yil 1-yanvarga qadar mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

41.  Chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023-yil 1-yanvarga qadar yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

42.  Mol-mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirishda qurilishi tugallanmagan uy-joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatini olish talabi bekor qilinadi.

43.  O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga o‘rmon fondi yerlarini investisiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish huquqi beriladi.

44.  Mol-mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirishda vasiylikdagi shaxs nomidan mol-mulklarni ijara (arenda)ga berishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatini olish (bu haqda vasiylik va homiylik organlarini xabardor etish sharti bilan) talabi bekor qilinadi.

45.  Chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik qo‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi. (Toshkent shahridan tashqari)

46. Moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yiladi.

47.  YuNESKO Umumjahon merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros ob’yektlari va davlat muhofazasiga olingan tarixiy yoki madaniy yodgorliklar hududida faqat mamlakatimizda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.

48.  Hokimlardan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligida mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlar olib qo‘yiladi.

49.  Tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50 foizi huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut ko‘chatlarini ekish uchun sarflanadi.

50.  Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi.

51.  Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish huquqlariga ega (YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno);

52. Tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatishda bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi, bunda tegishli ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi.

53.  Mamlakatda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi.

54.  Respublikaga chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligi sertifikatsiyadan o‘tkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.

55.  Shahar ko‘chalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarda ushbu ko‘chalarning tutash hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha kompleks tadbirlar majburiy tartibda nazarda tutiladi.

56.  Yangi qurilgan obyektlarni, rekonstruksiya qilingan va kapital ta’mirlangan binolar yoki inshootlarni tutash hududlarni obodonlashtirmasdan turib foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

57. Maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida taqdim etilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha amaldagi imtiyozlar bekor qilinadi.

58.  Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalarida veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan so‘yilgan hayvon go‘shtlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasi amaliyotga joriy qilinadi.

59. Tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga muvofiqlik sertifikatini berishda — xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlardan tashqari, vakolatli organlar tomonidan qog‘oz shaklida beriladigan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarning asli va nusxalarini talab qilib olish taqiqlanadi.

60.  Chorva mollari bosh soni 100 shartli va undan ortiq bo‘lgan chorvachilik hamda parrandalar soni 100 ming bosh va undan yuqori bo‘lgan parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda alohida shtat asosida veterinariya vrachi va zootexnik mutaxassislarning faoliyat yuritishi joriy etiladi.

скачать dle 11.1смотреть фильмы бесплатно

Ўхшаш янгиликлар

Изоҳ қолдириш

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив